Pasport tizimi qoidalarini buzish



O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY JAVOBGARLIK TO‘G‘RISIDAGI KODEKSI

O‘zbekiston Respublikasining 22.09.1994 yildagi 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 22.09.1994 yildagi 2016-XII-sonli
qaroriga muvofiq 01.04.1995 yildan kuchga kirdi

XVI bob. BOShQARUVNING BELGILANGAN TARTIBIGA TAJOVUZ QILUVChI HUQUQBUZARLIKLAR UChUN MA’MURIY JAVOBGARLIK

223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish

Fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobga turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi yoki ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan yashash guvohnomasi bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, – bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yilishi, xuddi shuningdek fuqarolar tomonidan o‘z turar joylarida shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yilishi, – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan yashash guvohnomasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.

2231. Pasportdan g‘ayriqonuniy foydalanish

Fuqarolarning yo‘qolganligi to‘g‘risida o‘zlari ariza bergan o‘z pasportlaridan, shuningdek boshqa fuqarolarga tegishli bo‘lgan pasportlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.


Bizning xabarnomamizga obuna bo'ling!

Va bizning yangi aktsiyalarimiz, mehmonxonalarimiz, so‘nggi daqiqalardagi sayohatlarimiz, haftaning eng yaxshi narxlari haqida bilib oling!