Toshkent – hozirgi diqqatga sazovor joylar


Osiyo

Toshkent – hozirgi diqqatga sazovor joylar


Toshkent diqqatga sazovor joylarning kattagina ro‘yxatiga ega, ularni borib ko‘rishga bir necha kun zarur bo‘ladi. Arxitektura ansambllari, masjidlar va minoralar, muzeylar va teatrlar, istirohat bog‘lari va galereyalar... Bu yerda har bir kishi o‘ziga yoqadigan joyga borish va tomosha qilish tanloviga ega!

* * *

Toshkent teleminorasi – poytaxtning tashrif qog‘ozi

Toshkent teleminorasi – poytaxtning tashrif qog‘ozi

Har bir shaharning o‘z tashrif qog‘ozi bor. Toshkentning tashrif qog‘ozini uzoqdan ko‘rinib turadi, unga pastdan yuqoriga qaraladi. Bu Toshkent teleminorasi – Markaziy Osiyodagi eng chiroyli va baland teleminoralardan biri.

1957-yilda qurilgan birinchi 180 metrli telemarkaz poytaxt va Toshkent viloyatining 4 millionlik aholisini to‘laqonli qamrab ololmay qolgandi. Radio va teleuzatishlarni uzoq tog‘li hududlarga ham yetkazish zarur edi.

1960-yilda televidenie va radio O‘zbekistonning madaniy hayotida mustahkam o‘rin egalladi. Qisqa muddatlarda yangi teleminora loyihasini tayyorlash ishlari boshlandi. Mutaxassislarning vazifasi butun O‘rta Osiyoda eng baland binoni qurishdan va bunda barcha qo‘yilgan vazifalarni hal qilishdan iborat edi. Loyiha puxta o‘ylandi va testdan o‘tkazildi, chunki bunday baland inshoot qurilishi ilk bor amalga oshirilayotgandi. Barcha zarur materiallar o‘rganildi, texnologik talablar va normalarga amal qilindi, Germaniyadan po‘lat uskunalar olib kelindi. Va, nihoyat, 1978-yilda yangi teleminora qurilishi boshlandi, uni barpo etishga 6 yil vaqt ketdi.

Semashko Yu.P., Terziyev-Sarukov N.G. loyiha mualliflari, Morozov E.P. va Musheyev M.D. esa konstruktorlariga aylandi. Qurilish ishlari "Visotstroy" trestining mutaxassislari tomonidan olib borildi.

Teleminora targovuchlari 11 metr chuqurlikdan ko‘tarilgan, ular bog‘lanmagan temir-beton asosga tayangan bo‘lib, juda yuqori muvozanatni ushlab turishga qodir bo‘lgan tizimni hosil qilgan.

Minora 240 metr balandlikka 25 tonna yukni ko‘tarishga qodir bo‘lgan maxsus kran yordamida qurildi. Teleminora uchta tezkor Shveysariya lifti bilan jihozlangan. 1985-yil 15-yanvarda binoning eng baland nuqtasida davlat bayrog‘i hilpiray boshladi.

Teleminoraning balandligi – 375 metr, uning uzun nayzasimon uchini shaharning istalgan nuqtasidan ko‘rish mumkin. Inshootning umumiy og‘irligi 6 000 tonnadan oshadi. U radio va teleuzatishlar uchun zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Toshkent viloyatida tele va radiostansiyalarning o‘ndan ortiq ustaxonalariga ega.

Teleminora foyesi mozaikali panno va dunyoning eng baland minoralari maketlari bilan bezatilgan. Ularning orasida Toshkent teleminorasi faxrli 10-o‘rinni egallagan.

Xohlagan kishi minoraning tomosha maydoniga ko‘tarilishi va qushlar parvoz qiladigan 110 metr balandlikdan shaharning hayratlanarli manzarasini tomosha qilishi mumkin. Shuningdek, bu yerda “Koinot” restorani faoliyat ko‘rsatadi, unda maxsus aylanuvchi platforma mavjud. Restoran ikkita zalga ega: milliy uslubdagi “Zangori” va Yevropa uslubidagi "Qizil".

Tungi paytda minorada minglab chiroqlar porlaydi, bu go‘zallik va haybat kishini sehrlab qo‘yadi.

Toshkent teleminorasi – texnologik taraqqiyot va inson mehnatining ramzidir.



"Chorsu" sharq bozori

“Chorsu” sharq bozori

Eski shaharning qoq yuragidagi "Eski Jo‘va" markaziy maydonida Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joyi – ulkan "Chorsu" bozori joylashgan. U o‘rta asrlardan buyon mashhur. Ushbu bozorga kelgan har bir kishi sharq ertaklariga tushib qoladi. Rastalardagi go‘zallik, mahsulotlarning mo‘l-ko‘lligini, keng qatorlar, xushmuomala sotuvchilar... Bu yerda O‘zbekistonning butun tarixi mujassam. Turli-tuman mahsulotlarni sanab adog‘iga yetmaysiz: do‘ppilar va to‘nlar, milliy matolardan tayyorlangan ro‘mollar, sopol va keramika buyumlari, qo‘lda tayyorlangan suvenirlar, sovg‘alar, sharqona shirinliklar, ziravorlar, mevalar, sabzavotlar va boshqa ko‘plab mahsulotlar.

Ushbu yirik bozor taxminan X asrda vujudga kelgan, u Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri hisoblangan to‘rtta savdo ko‘chasining kesishuvida joylashgan. Bu yerda savdo yil davomida olib borilgan va turli madaniyatlar bilan qorishib ketgan. Savdo yo‘llarida xorijiy savdogarlarni, karvonlarni, rastachi-sotuvchilarni, hunarmandlarni, boy dehqonlar va oddiy ishchilarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.

Bozor moviy gumbazlar ostidagi bir nechta pavilyondan tashkil topgan: oziq-ovqat mahsulotlari qatori, buyumlar qatori, gilam, adyol va matraslar bilan savdo qiladigan qator, zargarlik va hunarmandchilik qatorlari.

Katta moviy gumbaz ostida joylashgan oziq-ovqat mahsulotlari pavilyoni alohida e’tiborga molik. Unda mahsulotlar turlariga qarab bo‘lingan.Keng turdagi sut mahsulotlari sizni befarq qoldirmasligi shubhasiz, ularning orasida qatiq, qurt (quruq qatiq mahsuloti, mahalliy pishloq turi), suzmani albatta tatib ko‘ring.

Quruq mevalarning turlaridan ko‘zlaringiz quvnaydi. Bu kishmish, turshak, yong‘oqlar, sho‘rdanak, qiyomga va kunjutga botirilgan yeryong‘oq. Sharqona shirinliklar – novvot, parvarda, pashmak, holva, kozinaki. Turli rangda kamalakday tovlanib turgan ziravorlar va xushbo‘y dorivorlar yonidan befarq o‘tib ketolmaysiz: dolchin, za’faron, qora va qizil murch, muskat yong‘og‘i, qalampirmunchoq, zira, kashnich, sedana, zarchava, quritilgan sabzavotlar.

Oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonining yaqinida milliy o‘zbek taomlarini tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan qatorlar bor. Rastalarga yaqinlashar ekansiz, palov, kabob, somsalarning xushbo‘y hidini uzoqdan his qilasiz. Bu yerda sizga norin (sovuq ugra sho‘rvasi bilan), qazi (ot go‘shtidan tayyorlangan kolbasa), go‘mma, hasip (uyda tayyorlangan kolbasa), qovurilgan baliq, xonim va manti, no‘xat sho‘rak (qo‘sh go‘shti va no‘xatdan tayyorlangan taom), qo‘y qovurg‘asini taklif qilishadi. Hatto tanovul qilishni xohlamasangiz ham o‘zbek tansiq taomlari oldida o‘zingizni tutib turolmaysiz. Taomlarni tandirdan yangi uzilgan obi non bilan shu yerdagi qahvaxonaning o‘zida tatib ko‘rish mumkin.

"Chorsu" bozori – ming yillar orasidan sado berayotgan tarix zarrasi.



Toshkent metropoliteni

Toshkent metropoliteni

O‘zbekiston poytaxtiga tashrif buyursangiz, albatta Toshkent metropolitenidan foydalaning. Bu shaharning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri.

Toshkent metrosining har bir bekati – bu turli ustalarning me’morchilik va badiiy san’at durdonasi, noyob san’at galereyasi bo‘lib, u sizni O‘zbekiston xalqlarining tarixiga o‘ziga xos sayohat qildiradi! Bekatlardagi an’anaviy naqshlar va donishmandlarning hikmatli gaplari, qahramonlar, shoirlar va mutafakkirlarning suratlari, betakror щzbek mozaikasi...

Chilonzor yo‘nalishi. Metropoliten qurilishi 1973-yilda boshlangan bo‘lib, birinchi – Chilonzor yo‘nalishi 4 yildan so‘ng ochilgan. Dastavval u 9 ta bekatdan iborat edi. Keyinchalik 1980-yilda unga yana 3 ta bekat qo‘shildi. Bugun yo‘nalishning uzunligi 16,8 km ni tashkil qiladi va u shaharning janubi-g‘arbidan markaz orqali shimoli-sharqqa qarab yo‘nalgan.

O‘zbekiston yo‘nalishi. 1984-yilda yangi – O‘zbekiston yo‘nalishining yana 5 ta yer osti bekati ishga tushdi. Uzunligi 14,2 km bo‘lgan O‘zbekiston yo‘nalishida 8 yil davomida 11 ta bekat ochildi. “Alisher Navoiy” bekati Chilonzor yo‘nalishining “Paxtakor” bekatiga o‘tadigan joy hisoblanadi.

Yunusobod yo‘nalishi. Ushbu yo‘nalish mustaqillik yillarida – 2001-yilda ochildi. Unda 6 ta yer osti bekati bor, 2 ta bekat boshqa yo‘nalishga olib chiqadigan bekatlar hisoblanadi: "Ming o‘rik" – O‘zbekiston yo‘nalishining "Oybek" bekatiga va "Yunus Rajabiy" – Chilonzor yo‘nalishining "Amir Temur" bekatiga.

Yer usti metrosi. Halqa yo‘nalishining qurilishi 2017-yil 1-oktabrda boshlandi. Ushbu yangi yo‘nalishning davomiyligi 52,1 km ni tashkil qiladi. Ulardan 50,5 kilometri yer ustida, balandligi 6 m bo‘lgan estakada bo‘ylab va 1,6 kilometri yer bo‘ylab joylashgan. Yangi metro yo‘nalishi 35 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Ayni paytda O‘zbekiston yo‘nalishining “Do‘stlik” bekatidan “Qo‘yliq” bozorigacha 7 ta bekat va yangi Sirg‘ali tarmog‘ida 5 ta bekat ochilgan.



"Humo Arena" ko‘p funksiyali muz saroyi

"Humo Arena" ko‘p funksiyali muz saroyi

Muz va O‘zbekiston bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan tushunchalarday tuyulishi mumkin. Biroq 2019-yildan boshidan buyon "Humo Arena" sport-ko‘ngilochar majmui qurilishi yakunlanganidan so‘ng xokkey, kyorling, short-trek, figurali uchish bo‘yicha o‘yinlar va turnirlarga kelish imkoniyati paydo bo‘ldi. 2019-yil sentyabridan boshlab esa “Oliy xokkey ligasi” chempionatining muntazam o‘yinlari o‘tkazib kelinmoqda.

Muz saroyi o‘zining ko‘lami, go‘zalligi, zamonaviy me’moriy yechimlari, ko‘p funksiyaliligi bilan kishida katta taassurot qoldiradi. U Xumo baxt qushining qanoti shaklida barpo etilgan. Majmua xavfsizlik va jihozlanish bo‘yicha barcha zamonaviy talablarga javob beradi, u 12 500 tomoshabinni sig‘dirish qobiliyatiga ega.



O‘zekspomarkaz

O‘zekspomarkaz

O‘zekspomarkaz – bir nechta pavilyondan tashkil topgan Toshkentdagi eng katta ko‘rgazmalar majmui. Eng ko‘lamli va yirik xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rgazmalar aynan shu yerda o‘tkaziladi. Bu davlat va biznes tuzilmalari o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishi uchun ajoyib makon.

"O‘zekspomarkaz" binosi katta bog‘ hududida joylashgan. U yerda sayr qilar ekansiz, zamonaviy landshaft manzaralaridan, toza havo, go‘zal tabiat va ko‘ldan bahra olishingiz mumkin.

Markaz yaqinida "Yapon bog‘i", "International" mehmonxonasi, "Plaza" art-markazi, "Toshkentlend" madaniyat va dam olish istirohat bog‘i joylashgan. Ularga metroda yetib olish mumkin.



Shomahmudovlar oilasiga qurilgan yodgorlik

Shomahmudovlar oilasiga qurilgan yodgorlik

Toshkentning markaziy maydonlaridan biri – "Xalqlar do‘stligi" maydonida Shomahmudovlar oilasining xotirasiga bag‘ishlangan monument joylashgan.

Ushbu haykal 1982-yil may oyida ochilgan bo‘lib, u Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatga mansub 15 nafar bolani asrab olgan Shomahmudovlarning qahramonona jasoratiga bag‘ishlangan.

Mustaqillik yillarida haykal bir necha marta demontaj qilinib, boshqa joyga ko‘chirilgandi, xususan: 2008-yil aprelida Toshkentdan tashqariga, 2017-yil bahorida poytaxtdagi Do‘stlik bog‘iga ko‘chirilgan. 2018-yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘idan keyin yodgorlik o‘zining dastlabki joyiga – "Xalqlar do‘stligi" maydoniga qaytarildi.



"Jasorat" monumenti – matonat va qahramonlik ramzi

“Jasorat” monumenti – matonat va qahramonlik ramzi

Qiyin daqiqalarda yuz minglab insonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlash uchun birlashadi. Bunga 1966-yil 26-aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:23 da sodir bo‘lgan Toshkent zilzilasi yorqin misol bo‘la oladi.

Zilzila natijasida yuzlab uylar vayron bo‘ldi. Yer silkinishidan ko‘proq Toshkent markazi jabrlandi. 300 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolib, palatkalarda yashadi. Ittifoq respublikalarining do‘stona yordami tufayli deyarli butun shahar rekonstruksiya qilindi, yangi mikrorayonlar barpo etildi. Ushbu hodisa sharafiga 1976-yil 20-mayda haykaltarosh va rassom Dmitriy Ryabichev tomonidan “Jasorat” monumenti qad ko‘tardi.U badiiy obrazda zilzilani aks ettiruvchi yorilgan qora granit kubni tasvirladi, unda fojea soatlari va sanasini ko‘rsatib turuvchi tsiferblat tasvirlangan. Kubdagi yoriq oilaning tasviriga olib boradi: bir qo‘li bilan farzandini bag‘riga bosayotgan ayol va itaruvchi ishorani namoyish etayotogan erkak. Haykal ortida yarim aylana shaklida barelyeflar joyylashgan. Ularda shaharni fidokorona mehnati bilan tiklashga yordam berayotgan jasoratli kishilar tasvirlangan.

"Jasorat" monumenti shaharning muhim diqqatga sazovor joyi hisoblanadi. Haykalning asosiy g‘oyasi – bu odamlarning do‘stligi, qat’iy irodasi va jasurligi. U vaqtinchalik qiyinchiliklar albatta yengib o‘tilishiga umid bag‘ishlaydi.Bu yerga gullar bilan kelin-kuyovlar hamda poytaxt mehmonlari tez-tez tashrif buyuradi.



Toshkent – muzeylar va teatrlar
Toshkent – tarixiy yodgorliklar
Toshkent – masjidlar, ibodatxonalar
Toshkent istirohat bog‘lari, xiyobonlari, bog‘lari
Samarqand – madaniyatlar chorrahasi
Buxoro – qadimiy va boqiy
Xiva – o‘tmishga ochilgan vaqt darvozasi
Xorazm – ming qal'adan iborat mamlakat

Yo‘naltiruvchi operatoringiz
O‘zbekiston

(+998) 78 120 90 00

info@otpusk.uz

Bizga yozing

Bizning xabarnomamizga obuna bo'ling!

Va bizning yangi aktsiyalarimiz, mehmonxonalarimiz, so‘nggi daqiqalardagi sayohatlarimiz, haftaning eng yaxshi narxlari haqida bilib oling!